Claude ish o’rinlari: Anthropic oyiga 498 mln so’mgacha maosh taklif qilmoqda

Claude ish o'rinlari — Anthropic Residency 2026 dasturida yuqori maoshli ish

Claude ish o’rinlari bo’yicha yangi imkoniyat paydo bo’ldi. Claude suniy intellektini yaratgan Anthropic kompaniyasi tajribali muhandislar, dasturchilar, olimlar va texnologik startap asoschilarini yuqori maoshli tadqiqot dasturiga taklif qilmoqda. Nomzodlardan suniy intellekt yoki mashinaviy o’rganish sohasida avval ishlagan bo’lish talab etilmaydi.

Anthropic Residency dasturida yillik hisobda 350 mingdan 500 ming dollargacha maosh belgilangan. 2026-yil 3-noyabrdagi dollar kursiga ko’ra, bu oyiga taxminan 348 milliondan 498 million so’mgacha degani. Dastur olti haftadan olti oygacha davom etadi, arizalar esa 22-noyabrgacha qabul qilinadi.

Claude ish o’rinlari: maosh qancha?

Anthropic Residency oddiy amaliyot emas, balki tajribali mutaxassislar uchun tashkil etilgan pullik tadqiqot dasturidir. Kompaniya yillik hisobda 350 000–500 000 dollar miqdorida haq to’lashini ma’lum qilgan.

Bu summalar dastur davomiyligiga qarab hisoblanadi. Ya’ni olti haftalik dasturda qatnashgan mutaxassisga 500 ming dollar to’liq to’lab berilmaydi.

Dastur davomiyligiga qarab taxminiy to’lov:

  • 6 hafta: 40 400–57 700 dollar.
  • 3 oy: 87 500–125 000 dollar.
  • 6 oy: 175 000–250 000 dollar.

Hisob-kitoblar kompaniya ko’rsatgan yillik maoshga asoslangan. Yakuniy summa shartnoma, tanlangan muddat va boshqa shartlarga bog’liq bo’ladi. Ko’rsatilgan mablag’lar soliqlar chegirilishidan oldingi miqdorlardir.

Anthropic vakansiyalari: kimlar ishga topshirishi mumkin?

Anthropic kompaniyasi ayniqsa dasturlash, matematika, fizika, muhandislik va boshqa texnik yo’nalishlarda murakkab loyihalarni boshqargan mutaxassislarga qiziqish bildirmoqda.

Dasturga quyidagi nomzodlar mos kelishi mumkin:

  • Tajribali dasturchilar va dasturiy ta’minot muhandislari.
  • Texnologik startap asoschilari.
  • Matematika, fizika va boshqa aniq fanlar bo’yicha olimlar.
  • Murakkab texnik loyihalarni boshqargan mutaxassislar.
  • Kiberxavfsizlik va boshqa texnik sohalarda tajribaga ega nomzodlar.

Muhim jihati: suniy intellekt sohasida ish tajribasi, PhD ilmiy darajasi yoki chop etilgan ilmiy maqolalar majburiy emas. Lekin nomzod o’zining jiddiy texnik tajribasini va amalga oshirgan ishlarini ko’rsata olishi kerak.

Shuning uchun ushbu dastur umuman ish tajribasi bo’lmagan yangi boshlovchilar uchun mo’ljallanmagan.

Claude kompaniyasida ishlash: xodimlar nima qiladi?

Tanlangan ishtirokchilar Anthropic tadqiqotchilari bilan birgalikda suniy intellekt xavfsizligi ustida ishlaydi. Har bir ishtirokchiga tajribali mutaxassis murabbiy sifatida biriktiriladi.

Asosiy yo’nalishlar quyidagilardan iborat:

  • Claude va boshqa ilg’or suniy intellekt modellarining imkoniyatlarini sinovdan o’tkazish.
  • AI tizimlaridagi zaifliklar va xavfli xatti-harakatlarni aniqlash.
  • Suniy intellekt himoyasini kuchaytirish usullarini ishlab chiqish.
  • Modellarning qanday qaror qabul qilishini tadqiq etish.
  • Kiberxavfsizlik bilan bog’liq murakkab sinovlarni o’tkazish.
  • AI modellarini o’qitish va takomillashtirish texnologiyalari ustida ishlash.

Ishtirokchilarga Claude modellari, hisoblash resurslari va tadqiqot uchun zarur vositalardan foydalanish imkoniyati beriladi. Dastur davomida suniy intellekt bo’yicha bilimlarni chuqurlashtirish uchun alohida vaqt ham ajratiladi.

O’zbekistondan turib masofaviy ishlash mumkinmi?

Anthropic Residency dasturida masofaviy qatnashish imkoniyati mavjud. Ayniqsa olti haftalik qisqa dasturlar uchun bunday format ko’rib chiqiladi.

Biroq kompaniya masofadan ishlaydigan nomzod faqat Anthropic qonuniy ravishda xodim yollashi mumkin bo’lgan mamlakatda yashashi kerakligini ko’rsatgan.

Hozircha O’zbekistondan turib ushbu dasturda masofaviy ishlash imkoniyati rasman tasdiqlanmagan. Kompaniya ishtirokchilarning San-Fransiskodagi ofisida ishlashini afzal ko’radi.

Uch oy yoki undan uzoq davom etadigan dasturlarga qabul qilingan nomzodlar uchun viza rasmiylashtirish bo’yicha yordam ko’rsatilishi mumkin. Biroq viza berilishi har bir nomzodga kafolatlanmaydi.

Anthropic Residency 2026 uchun qanday hujjatlar kerak?

Ariza kompaniyaning rasmiy ishga qabul qilish platformasi orqali onlayn yuboriladi. Dastlabki bosqichda quyidagi ma’lumotlar tayyor bo’lishi kerak:

  • Ism, familiya va elektron pochta manzili.
  • Yashash mamlakati va aloqa ma’lumotlari.
  • Ingliz tilidagi rezyume (CV) yoki LinkedIn profili.
  • Amalga oshirilgan muhim loyihalarga havolalar.
  • Har bir loyihadagi shaxsiy hissangiz haqida qisqacha ma’lumot.
  • Dastur davomida qaysi mavzuni tadqiq qilmoqchi ekaningiz.
  • Qaysi tadqiqot yo’nalishlari sizni qiziqtirishi.
  • Olti hafta, uch oy yoki olti oylik muddatlardan qaysi biri sizga mosligi.
  • Ishingiz haqida fikr bildira oladigan 2–3 nafar tavsiya beruvchi shaxsning ma’lumotlari.

Rezyume PDF, DOC yoki DOCX kabi formatlarda yuklanishi mumkin. Ariza uchun rezyume yoki LinkedIn profilidan kamida bittasi bo’lishi kerak.

Nomzoddan Why Anthropic? savoliga javob yozish ham so’raladi. Kompaniya odatda 200–400 so’zli, aniq va mazmunli javoblarni yuqori baholashini bildirgan.

Bundan tashqari, nomzod ishni qachon boshlashi, boshqa mamlakatga ko’chishga tayyorligi va viza homiyligiga ehtiyoji bor-yo’qligini ko’rsatadi. Pasport nusxasi dastlabki ariza uchun majburiy hujjat sifatida ko’rsatilmagan.

Claude ish o’rinlariga qanday ariza topshiriladi?

1-qadam. Anthropic kompaniyasining rasmiy Residency sahifasiga o’ting va dastur shartlari bilan tanishing.

2-qadam. Ariza topshirish uchun quyidagi rasmiy havolalardan birini oching:

3-qadam. Shaxsiy ma’lumotlarni kiriting, rezyume yoki LinkedIn profilingizni qo’shing.

4-qadam. Texnik loyihalaringiz, tadqiqot qiziqishlaringiz va tavsiya beruvchi mutaxassislar haqida ma’lumot kiriting.

5-qadam. Barcha ma’lumotlarni tekshirib, Submit application tugmasi orqali arizani yuboring.

Ariza dastlabki saralashdan o’tsa, nomzod rekruter bilan suhbat, texnik baholash, tadqiqot mavzusidagi suhbat va tavsiyalarni tekshirish bosqichlaridan o’tadi.

Ariza topshirishning oxirgi muddati qachon?

Anthropic Residency 2026 dasturiga arizalar 2026-yil 22-noyabr, AQSH Tinch okeani vaqti bilan soat 23:59 gacha qabul qilinadi.

Bu Toshkent vaqti bilan 23-noyabr kuni soat 12:59 ga to’g’ri keladi. Kompaniya tanlangan nomzodlarga ish takliflarini 2027-yil yanvar oyida yuborishni rejalashtirmoqda.

Anthropic nomidan yuborilgan soxta ish takliflaridan ehtiyot bo’lish kerak. Kompaniyaning rasmiy rekruterlari odatda @anthropic.com domenidagi elektron pochta manzillaridan foydalanadi. Ishga joylashtirish uchun oldindan pul to’lash talab qilinmaydi.

Rasmiy dastur sahifasi: Anthropic Residency 2026.