Usmon Nurmagomedov va Merab Dvalishvili o‘rtasida Abu-Dabidagi mehmonxonalardan birida ommaviy janjal yuz berdi. Rossiyalik MMA jangchisi Usmon Nurmagomedov o‘zi bilan birga bo‘lgan bir necha kishi hamrohligida UFC sobiq chempioni Merab Dvalishviliga yaqinlashib, uning yuziga zarba bergan. Hodisa 11-noyabr kuni Real American Freestyle (RAF) turniri oldidan gruziyalik sportchi intervyu berayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Mushtlashuv oqibatida Dvalishvili jarohat oldi. Voqea aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, janjal sportchilar o‘rtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan kelishmovchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
The National nashrining xabar berishicha, mojaro Abu-Dabidagi mehmonxona foyesida boshlangan. O‘sha paytda Dvalishvili RAF turniri uchun intervyu berayotgan bo‘lgan. Uning yoniga Usmon Nurmagomedov bir necha hamrohi bilan kelgan.
Tarqalgan videoda rossiyalik sportchi Merabga murojaat qilgani, so‘ng uning yuziga kafti bilan urgani ko‘rinadi. Shundan keyin ikki tomon vakillari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv boshlangan. Mehmonxona qo‘riqchilari ishtirokchilarni ajratishga uringan.
Dvalishvili bilan birga bo‘lgan 21 yoshli gruziyalik kurashchi Saba Lazishvili ham janjalga aralashib qolgan. U ham to‘qnashuv davomida jarohat olgan.
Keyinchalik Merab ijtimoiy tarmoqlarda yuzi qonga belangan holatda tushirilgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda tibbiyot xodimlari uning jarohatlarini ko‘rayotgani aks etgan. Dvalishvilining aytishicha, Nurmagomedov va uning hamrohlari kutilmaganda yaqinlashib, hujum boshlagan.
Gruziyalik jangchi mojaro vaqtida qo‘riqchilar uni ushlab turganini, qarshi tomondagilar esa zarba berishda davom etganini da’vo qilgan. U hodisaga Usmonning akasi Umar Nurmagomedov ham aloqador ekanini aytgan. Biroq Umarning janjaldagi ishtiroki mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Hujumda qatnashgan odamlarning aniq soni ham noma’lum.
Mojaroning ildizlari 2024-yilga borib taqaladi. O‘sha yili Merab Dvalishvili UFCning eng yengil vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. Keyinchalik uning asosiy raqiblaridan biri Umar Nurmagomedovga aylangan.
Dvalishvili Umarning chempionlik uchun jang qilish imkoniyatini juda tez qo‘lga kiritganidan norozi bo‘lgan. Gruziyalik sportchining fikricha, Nurmagomedovning mashhur familiyasi UFCdagi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Umar esa Merabni u bilan jang qilishdan qochayotganlikda ayblagan.
Ikki sportchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar intervyular, ijtimoiy tarmoqlar va matbuot anjumanlarida bir necha bor keskin tortishuvlarga sabab bo‘lgan.
2025-yil 18-yanvar kuni ular Los-Anjelesda o‘tkazilgan UFC 311 turnirida to‘qnash kelgan. Besh raund davom etgan jang yakunida Dvalishvili hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan va chempionlik kamarini himoya qilgan. Umar Nurmagomedov esa professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan.
Shunga qaramay, jangdan keyin ham ikki tomon o‘rtasidagi ziddiyatlar tugamagan. Sportchilar ehtimoliy revansh haqida bahslashishda davom etgan. Vaqt o‘tishi bilan mojaro ularning atrofidagi boshqa jangchilarga ham ta’sir qila boshlagan.
2026-yil yozida Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan RAF Georgia turnirida yangi mojaro kelib chiqqan. Dvalishvili mazkur musobaqada UFC sobiq chempioni Genri Sexudoni kurash bahsida mag‘lub etgan. Shundan so‘ng Umar Nurmagomedov bilan yana jang qilish ehtimoli haqida keskin fikrlar bildirgan.
Turnirdan keyin sahna ortida unga Umarning tanishi Ahmad Gadjimagomedov yaqinlashgan. Ular o‘rtasida og‘zaki tortishuv yuzaga kelgan. Merabning versiyasiga ko‘ra, suhbatdoshi uning bo‘ynidan ushlab, Umarga nisbatan aytgan gaplari uchun e’tiroz bildirgan.
Shundan so‘ng Dvalishvili uning yuziga kafti bilan zarba bergan va sportchilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Bu hodisa hozirgi Abu-Dabi mojarosidan oldin yuz bergan eng muhim voqealardan biri sifatida tilga olinmoqda.
11-noyabrdagi mushtlashuvdan keyin UFC chempioni Islom Maxachev Usmon Nurmagomedovni qo‘llab-quvvatladi. U Tbilisidagi voqeani eslatib, Dvalishvili avvalroq dog‘istonlik sportchini urgani va uning yaqinlarini haqorat qilganini ta’kidladi.
Maxachevning fikricha, hozirgi qarama-qarshilikka aynan o‘sha hodisa sabab bo‘lgan. Biroq Abu-Dabidagi hujum oldindan qasos olish maqsadida rejalashtirilganini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Voqeaga UFCning taniqli jangchisi Iliya Topuriya ham munosabat bildirdi. U janjal aks etgan videoni e’lon qilib, Dvalishviliga qarshi harakatlarni keskin tanqid qildi. Keyinchalik ushbu post o‘chirib tashlangan bo‘lsa-da, video sport nashrlarida tarqalib ulgurgan.
Ommaviy mushtlashuvdan so‘ng Abu-Dabi politsiyasi hodisa yuzasidan surishtiruv boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sport jurnalisti Ariel Xelvani ma’lumotiga ko‘ra, janjalda ishtirok etgan shaxslar, jumladan, Dvalishvili va uning hamrohi ham holatga oydinlik kiritish uchun politsiyaga olib borilgan.
Biroq hodisa yuzasidan kimlargadir rasmiy ayblov qo‘yilgani yoki sud qarori chiqarilgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.
Mojaro 14-noyabr kuni Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilgan RAF turniridan bir necha kun oldin sodir bo‘ldi. Musobaqada Dvalishvili UFC sobiq jangchisi Marlon Moraes bilan, Umar Nurmagomedov esa Yurayya Feyber bilan kurashishi kerak.
Usmon Nurmagomedov mazkur turnir ishtirokchilari ro‘yxatiga kiritilmagan. Uning Abu-Dabiga akasi Umarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgani xabar qilingan.
Hozircha Dvalishvilining jarohatlari musobaqadagi ishtirokiga qanday ta’sir qilishi noma’lum. Turnir tashkilotchilari ham janjal oqibatlari yuzasidan yakuniy qarorlarini e’lon qilmagan.
Usmon Nurmagomedov UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedovning qarindoshi hisoblanadi. U ilgari Bellator va PFL tashkilotlarida jang qilgan. Abu-Dabidagi mojaro uning keyingi sport faoliyati va UFCga ehtimoliy o‘tishi muhokama qilinayotgan bir paytda yuz berdi.


