Toshkent maktablariga 2027-yildan bepul velosipedlar beriladi

Toshkent maktablariga velosipedlar — 2027-yildan har bir tanlangan maktabga beshtadan

Toshkent maktablariga velosipedlar 2027-yil mart oyidan boshlab bepul ajratiladi. Poytaxtdagi zarur sport infratuzilmasiga ega umumta’lim muassasalari to‘rttadan oddiy va bittadan professional velosiped bilan ta’minlanadi. Xarajatlar mahalliy budjet hisobidan qoplanadi. Bu Prezidentning 2026-yil 11-noyabrdagi PQ-394-sonli qarorida belgilandi.

12-noyabrdan kuchga kirgan hujjatga ko‘ra, poytaxtda “Toshkent tajribasi” deb nomlangan yangi dastur sinov tariqasida joriy etiladi. Uning doirasida 2027–2028-yillarda maktablarni bosqichma-bosqich velosipedlar bilan ta’minlash, o‘quvchilar uchun mashg‘ulotlar tashkil etish va professional murabbiylar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ajratiladigan velosipedlar o‘quvchilarga shaxsiy mulk sifatida tarqatilmaydi. Ular maktablarda sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish, bolalarni velosportga qiziqtirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash uchun ishlatiladi.

Velosiped bilan ta’minlangan maktablarga sport maktablarining trener-seleksionerlari biriktiriladi. Ular o‘quvchilarning mashg‘ulotlarini tashkil qilishda yordam beradi, sport anjomlaridan samarali foydalanishni nazorat qiladi va kelajakda professional velosport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan yoshlarni saralaydi.

Dastur dastlab faqat Toshkent shahrida amalga oshiriladi. 2027–2028-yillardagi tajriba natijalari o‘rganilgach, Sport vazirligi va boshqa mas’ul tashkilotlar uni 2029-yildan boshlab viloyatlarga bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi kerak.

Shuningdek, 2027-yil mart oyidan yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida har yili “Direktor kubogi” velosport musobaqasi o‘tkaziladi. Unda zarur infratuzilmaga ega maktablar o‘quvchilari qatnashadi. Musobaqalar mahalliy hokimliklar tomonidan belgilangan sport maydonlarida xavfsizlik talablariga rioya etilgan holda tashkil qilinadi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun esa “Talabalar kubogi” tashkil etiladi. Mazkur musobaqa ham 2027-yil mart oyidan boshlab har yili o‘tkazilishi belgilangan.

Prezident qarorida aholining boshqa qatlamlarini ham velosportga jalb qilish ko‘zda tutilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Sening imkoniyating” paravelosport musobaqasi, vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida esa “Yangi O‘zbekiston” velosport bellashuvlari yo‘lga qo‘yiladi.

Har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollar o‘rtasida “Bahor malikalari” velomarafoni o‘tkaziladi. 22-sentabr — Avtomobilsiz kun doirasida esa aholining keng qatlamlari ishtirokida “Salomatlik sari yo‘l” velomarafoni tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, velosport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitga ega mahallalarda ommaviy mashg‘ulotlar va mahalla miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarni tashkil etishda Mahallalar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi ham ishtirok etadi.

Qarorda 2030-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan aniq ko‘rsatkichlar ham belgilangan. Jumladan, O‘zbekistonda velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar qamrovini 30 ming nafarga, muntazam mashg‘ulot qiluvchilar sonini besh ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Murabbiylar soni esa 350 nafarga yetkazilishi kerak.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga Osiyo miqyosidagi musobaqalarda eng yuqori natija ko‘rsatadigan uchta jamoa qatoriga kirish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar sonini ko‘paytirish va xalqaro musobaqalarda medallar uchun kurashish rejalashtirilmoqda.

Respublika velosport mahorat maktab-internati iqtidorli sportchilarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Muassasada 6–11-sinflarda tahsil oluvchi 100 nafar o‘quvchi-sportchi uchun o‘rinlar saqlab qolinadi. 2027/2028-o‘quv yilidan paravelosport yo‘nalishidagi tarbiyalanuvchilar ulushini 20 foizga yetkazish belgilangan.

Hududlarda professional velosportni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. 2027–2028-yillarda Velosiped sporti federatsiyasining hududiy bo‘linmalariga jami 20 ta professional velosiped ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ular shosse, trek, tog‘ velosporti, BMX va paravelosport yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan.

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yoshlar uchun zamonaviy BMX mashg‘ulot majmuasini qurish rejalashtirilgan. Olimpiya shaharchasida velotrekni jihozlash, sport markazlarini esa sportchilarning jismoniy ko‘rsatkichlari va mashg‘ulot yuklamalarini nazorat qiluvchi uskunalar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

2027/2028-o‘quv yiliga qadar umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun velosportga oid maxsus videomateriallar ham tayyorlanadi. Bu ishlar Respublika velosport mahorat maktab-internati va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.