Iyul oyidan boshlab O‘zbekistondagi Rossiya fuqarolari konsullikka bormasdan, “Gosuslugi” portali orqali masofadan turib hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yilning iyul oyida start oladigan va 2027-yilning yakunigacha davom etadigan ushbu eksperiment Rossiya TIVning xorijdagi muassasalari hamda “Rossotrudnichestvo” vakolatxonalari negizida amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan Rossiya fuqarolari Yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimidagi (ESIA) hisob qaydnomalarini tasdiqlashlari mumkin bo‘ladi. Bu ularga konsulxonaga shaxsan tashrif buyurmasdan, turli davlat ma’lumotnomalarini olish, hujjatlarni rasmiylashtirish va elektron imzo sertifikatlarini rasmiylashtirish imkonini beradi. O‘zbekistondan tashqari, bunday Rossiya davlat xizmatlari nuqtalari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Turkiya, Hindiston va Xitoyda ham tashkil etiladi.
Fuqarolarning arizalarini qayta ishlash Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi ko‘p tarmoqli markaz (MFS) tomonidan amalga oshiriladi, jarayonni esa Rossiya TIV muvofiqlashtirib boradi. Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va aloqa kanallarining himoyalanganligi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tomonidan nazorat qilinadi. Eksperimentda, shuningdek, Rossiya Pensiya va ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi ham ishtirok etmoqda.