Green Card lotereyasi DV-2027 bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni AQSHda yana noma’lum muddatga kechiktirildi. 2026-yil 29-oktabr kuni To‘qqizinchi federal apellyatsiya sudi Davlat departamentini 1-noyabrdan arizalar qabul qilishga majburlovchi qaror ijrosini vaqtincha to‘xtatdi. Shu tariqa, avval belgilangan muddat o‘z kuchini yo‘qotdi, yangi sana esa hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Gap Diversity Visa dasturi haqida ketmoqda. Ushbu dastur AQSHga immigratsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga har yili qonunda nazarda tutilgan 55 mingtagacha immigratsion vizadan birini olish imkoniyatini beradi. O‘zbekistonlik ishtirokchilar uchun ham DV-2027 anketalarini topshirish imkoniyati hozircha ochilmagan.
Green Card lotereyasi nega 2025-yildayoq boshlanmagan?
DV-2027 dasturiga arizalar qabul qilish odatdagidek 2025-yil kuzida boshlanishi kerak edi. Biroq 5-noyabr kuni AQSH Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish tartibi o‘zgarishini ma’lum qildi. Yangi sanalar keyinchalik e’lon qilinishi bildirildi. Shunga qaramay, 2026-yil 1-oktabrda AQSHning 2027-moliya yili boshlanganidan keyin ham ro‘yxatdan o‘tish ochilmadi.
Bu davrda AQSH hukumati ishtirokchilarni tekshirish talablarini kuchaytirdi. 2026-yil mart oyida tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, ariza topshiruvchilardan amaldagi xorijga chiqish pasporti ma’lumotlarini kiritish va shaxsiy ma’lumotlar joylashgan sahifalar skanini yuklash talab etiladi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish uchun bir dollarlik yig‘im joriy qilindi.
Davlat departamenti ushbu choralarni firibgarlikka qarshi kurashish bilan izohladi. Rasmiy hujjatda DV-2025 dasturida 2,5 millionta firibgarlik bilan bog‘liq ariza aniqlangani qayd etilgan. Ayrim vositachilar fuqarolarning roziligisiz anketa topshirib, keyinchalik tasdiqlash raqamini berish evaziga pul talab qilgan.
DV-2027 bo‘yicha sud jarayoni qanday boshlangan?
2026-yil avgust oyida Red Eagle Law nomli Amerika immigratsiya yuridik firmasi davlat kotibi Marko Rubioga qarshi sudga murojaat qildi. Kompaniya Davlat departamenti har yili o‘tkazilishi qonun bilan belgilangan lotereyani asossiz kechiktirayotganini va potensial ishtirokchilarni ariza topshirish imkoniyatidan mahrum qilayotganini ta’kidladi.
14-oktabr kuni Kaliforniyadagi federal sudya Jinsuk Ota dastlabki qarorni da’vogar foydasiga chiqardi. Davlat departamentiga 29-oktabrgacha ro‘yxatdan o‘tish sanalarini e’lon qilish, 1-noyabrgacha kamida 30 kunlik qabulni boshlash va 3-dekabrgacha tanlangan ishtirokchilarni xabardor qilish majburiyati yuklandi.
AQSH ma’muriyati 19-oktabrda ushbu qaror ustidan apellyatsiya berdi. Dastlab quyi sud qaror ijrosini to‘xtatish talabini rad etdi. Biroq 29-oktabr kuni apellyatsiya sudi hukumatning shoshilinch iltimosnomasini qanoatlantirdi. Natijada arizalarni qabul qilish va tanlovni o‘tkazish bo‘yicha avval belgilangan muddatlar vaqtincha majburiy kuchini yo‘qotdi.
Nima uchun apellyatsiya sudi Green Card lotereyasini yana kechiktirdi?
Yangi qarorning asosiy sababi da’vogar kompaniyaning huquqiy maqomi bilan bog‘liq. Sudyalarga ko‘ra, Red Eagle Law kelajakda lotereya g‘oliblariga yuridik xizmat ko‘rsatish orqali daromad olishdan manfaatdor. Diversity Visa dasturi esa immigratsiya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, yuridik firmalarning tijoriy manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilmagan.
Sudyalardan biri firma bo‘lajak DV-2027 ishtirokchilarining bevosita vakili emasligini ham ta’kidladi. Apellyatsiya sudi Davlat departamentining ro‘yxatdan o‘tishni boshlamaganini ma’qullamasligini bildirdi. Biroq kechikishning qonuniyligi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmadi. Sud qarori 26-6943-raqamli ish doirasida e’lon qilingan.
DV-2027 qachon boshlanadi va ishtirokchilarni nima kutmoqda?
Vaziyatni Diversity Visa toifasidagi vizalarni berishning alohida to‘xtatilishi ham murakkablashtirmoqda. Avgust oyida Davlat departamenti xavfsizlik tekshiruvlarini qayta ko‘rib chiqishini e’lon qildi. Shu sababli DV vizalarini berish to‘xtatilgan, biroq arizalarni ko‘rib chiqish va suhbatlar davom etishi mumkin. Bu cheklov lotereyada ro‘yxatdan o‘tish masalasidan alohida hisoblanadi.
Hozircha dvprogram.state.gov rasmiy portalida DV-2027 uchun arizalar qabul qilinmayapti. Yangi sanalar AQSH davlat resurslarida e’lon qilinishi kutilmoqda. Amerika viza siyosatidagi boshqa o‘zgarishlar haqida biz avval ham thelive.uz saytida yozgan edik.
DV-2027 dasturi bo‘yicha immigratsion vizalarni olish muddati 2027-yil 30-sentabrda yakunlanadi. Ro‘yxatdan o‘tish va tanlov jarayonining yana kechikishi g‘oliblarga hujjatlarni tayyorlash, suhbatlardan o‘tish va viza olish uchun qoladigan vaqtni qisqartiradi. Apellyatsiya jarayoni davom etmoqda, 3-dekabrgacha tanlov natijalarini e’lon qilish majburiyati ham vaqtincha to‘xtatilgan.



