Poytaxtdagi “Yangi Avlod” sanoat zonasida yuqori texnologiyali korxonaga tamal toshi qo‘yildi. Loyiha doirasida 1000 dan ortiq malakali ish o‘rni yaratiladi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, IPVT vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Koreya Respublikasining Faxriy va Muxtor Elchisi Von Do Yon hamda ROBOTIS xorijiy korporatsiyasi prezidenti Kim Byong Su ishtirok etdi.
Loyihaning investori va texnologik hamkori 1999-yilda tashkil etilgan hamda bugungi kunda avtonom robototexnika sohasida global yetakchilardan biri hisoblangan Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasidir.
Xoldingning umumiy aktivlari qiymati 2,5 mlrd dollarni tashkil etadi, uning rasmiy vakolatxonalari esa AQSH, Xitoy va Yaponiyada faoliyat yuritadi. ROBOTIS ishlanmalari Apple, Samsung, Google, Microsoft, Amazon, BMW kabi jahon gigantlari va NASA kosmik agentligi ekotizimlariga faol integratsiya qilingan.
Ushbu ishlab chiqarish quvvatining ishga tushirilishi O‘zbekiston sanoat sektorini yuqori texnologik bosqichga olib chiqishni jadallashtiradi. Tashabbusning amalga oshirilishi mahalliy mutaxassislar uchun 1000 dan ortiq yangi malakali ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi, shuningdek, noyob xalqaro tajriba va patentlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri transferini ta’minlaydi. Mazkur majmua respublikani Markaziy Osiyodagi asosiy robototexnika markaziga aylantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi kutilmoqda.