O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan “Kelajak o‘yinlari” xalqaro turnirining tantanali ochilishida qatnashdi. Mamlakatimiz sportchilari uchta fijital yo‘nalishda bellashadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Baris Arena” muz saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi. Marosim ishtirokchilariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin videomurojaat yo‘lladi.
Dastur doirasida raqamli bellashuvlarni an’anaviy sport va jismoniy faollik bilan uyg‘unlashtiruvchi fijital sport konsepsiyasi taqdim etildi. Ushbu yo‘nalish yoshlarni an’anaviy sport turlariga kengroq jalb etishga qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev xalqaro turnir ishtirokchilarini qutladi. Shuningdek, sport va texnologiyalar vazirlari hamda diplomatik missiyalar rahbarlari ishtirokida fijital sport bo‘yicha sammit o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi “Kelajak o‘yinlari” 2024-yilda Qozonda (unda Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgan edi), ikkinchisi esa 2025-yilda Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan. Bu galgi musobaqalarda O‘zbekiston vakillari fijital futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlarida bahs olib borishadi.