Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlat rahbari sohaga milliardlab dollar ajratilganiga qaramay, boshqaruv va mas’uliyatsizlik sabab avariyalar davom etayotganini keskin tanqid qildi.
O‘zbekistonda energetika sohasidagi asosiy muammolar mablag‘ yetishmasligida emas, balki tizimning boshqaruvida va mas’ullarning mas’uliyatsizligida namoyon bo‘lmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
«Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!» — dedi davlat rahbari.
Prezident so‘nggi o‘n yilda sohada yirik islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida energetikaga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi hamda joylarda 9,5 gigavattli yangi elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu orqali generatsiya bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar hamda transformatorlarni yangilash uchun 30 trillion so‘m ajratildi, bu avvalgi 25 yildagi mablag‘dan 6 barobar ko‘pdir. Biroq, barcha hududlarda infratuzilma bir xil bo‘lishiga qaramay, ayrim tumanlarda ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, boshqalarida esa doimiy avariyalar sodir bo‘layotgani nazorat va intizomning yetishmasligi bilan izohlandi.
Yig‘ilishda Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi. Ma’lum qilinishicha, birgina iyun-iyul oylarining o‘zida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanlarida iste’mol 2 karradan ziyod oshgan bo‘lsada, hokimlar va mas’ullar tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmagan.