Tezlikni oshirganlik, noqonuniy poyga va rulni bolalarga topshirganlik uchun avtomobilni 1 yilga olib qo‘yish hamda jinoiy javobgarlik kiritilmoqda.
O‘zLiDeP fraksiyasi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan jazolarni keskinlashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Hujjatga ko‘ra, eng og‘ir qoidabuzarliklar uchun sud qarori bilan avtomobilni olti oydan bir yilgacha muddatga jarima maydonchasiga joylashtirish tartibi joriy etilishi kutilmoqda.
Belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiqqa oshirganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi hamda 26,8 million so‘mgacha jarimaga tortiladi.
Avtomobilni voyaga yetmagan shaxsga topshirish og‘ir oqibatlarga olib kelsa, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan. Shuningdek, ko‘chalarda noqonuniy poygalar o‘tkazish to‘liq taqiqlanib, mast holda rulga o‘tirganlik uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi. Ushbu takliflar kuchga kirishi uchun parlament muhokamasidan o‘tishi va tasdiqlanishi lozim.