15-sentyabr kuni poytaxt avtobuslari bir sutkada 1,5 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Toshkent metrosida ham yo‘lovchilar oqimi keskin oshgan.
Transport tizimidagi bunday keskin o‘sish oliygohlar hamda maktablarda o‘quv jarayoni faollashgani bilan izohlanmoqda. Shuningdek, ko‘chalardagi tirbandliklar sabab ko‘plab shahar ahli shaxsiy avtomobildan ko‘ra avtobusda harakatlanishni afzal ko‘rmoqda.
Metrodagi rekord ko‘rsatkichlar va mutasaddilar minnatdorchiligi
Yerusti transporti bilan bir qatorda poytaxt metrosida ham yo‘lovchilar oqimi keskin ko‘paydi. 14-sentyabr kuni metro xizmatidan 1,16 milliondan ortiq kishi foydalanib, shu yilning may oyidagi rekord ko‘rsatkich (1,11 mln) yangilandi.
Soha vakillari jamoat transportini tanlagani uchun poytaxt ahliga minnatdorchilik bildirishdi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, shaxsiy mashinalardan voz kechish ko‘chalardagi tirbandliklarni kamaytirishga, havo ifloslanishining oldini olishga hamda yo‘lga ketadigan vaqtni tejashga xizmat qiladi.



