O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiyasi uchun yangi tartib kuchga kirdi. Endilikda fuqarolar reabilitatsiya va protezlash markazlariga elektron navbat orqali yo‘llanma olishi mumkin. Ariza topshirish, yo‘llanma rasmiylashtirish va reabilitatsiya xizmatlari bepul amalga oshiriladi. Bu Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 3974-sonli qo‘shma qarorida belgilangan.
14-noyabrdan kuchga kirgan hujjatga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarni Milliy va hududiy reabilitatsiya markazlariga yo‘naltirish “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining “Reabilitatsiya” moduli orqali amalga oshiriladi. Tizim murojaatlarni avtomatik ro‘yxatga oladi, bo‘sh o‘rinlarni hisobga oladi va navbatni shakllantiradi.
Fuqarolar o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan hududga xizmat ko‘rsatuvchi reabilitatsiya markazini yoki istagiga ko‘ra Milliy reabilitatsiya markazini tanlashi mumkin. Shuningdek, ambulator yoki statsionar shaklda xizmat olish imkoniyati mavjud.
Yo‘llanma olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, ijtimoiy xodim yoki bevosita oilaviy shifokorga murojaat qilish mumkin.
Agar fuqaro davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilsa, so‘rovnomani mustaqil to‘ldiradi. “Inson” markazi, ijtimoiy xodim yoki shifokor orqali murojaat qilinganda esa ma’lumotlarni tegishli mutaxassis kiritadi. Ariza elektron raqamli imzo, Mobile-ID, Face-ID yoki belgilangan boshqa identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlanadi.
Yangi tartibda reabilitatsiya xizmatlaridan yil davomida necha marta foydalanish mumkinligi ham belgilangan. Ma’lum muddatga nogironlik belgilangan shaxslar ambulator reabilitatsiyaga bir kalendar yilida uch martagacha yo‘llanma olishi mumkin. Muddatsiz nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun esa bu imkoniyat yiliga ikki marta beriladi.
Statsionar reabilitatsiya bo‘yicha boshqa muddatlar amal qiladi. Ma’lum muddatga nogironlik belgilangan shaxslar har olti oyda bir marta, muddatsiz nogironligi bo‘lganlar esa bir kalendar yilida bir marta statsionar davolanishga yo‘naltirilishi mumkin.
Ariza tasdiqlangach, u avtomatik ravishda elektron reyestrga kiritiladi. So‘rovnoma bir ish kunidan kechiktirmay fuqaro biriktirilgan oilaviy shifokorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Oilaviy shifokor arizani olganidan keyin bir ish kuni ichida tibbiy ko‘rik sanasi, vaqti va joyini belgilaydi. Bu haqda murojaat qilgan shaxsga SMS, telefon qo‘ng‘irog‘i yoki davlat xizmatlari portali orqali xabar beriladi.
Tibbiy ko‘rik fuqaro xabardor qilingan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. Shifokor bemorda reabilitatsiyaga tibbiy ko‘rsatmalar mavjudligini va qarshi ko‘rsatmalar yo‘qligini aniqlaydi.
Belgilangan talablarga javob beradigan fuqaroga elektron yo‘llanma rasmiylashtiriladi va u avtomatik ravishda tanlangan reabilitatsiya markaziga yuboriladi. Agar fuqaro tibbiy ko‘rikka kelmasa, unga yana bir sana belgilanadi. Takroriy chaqiruvdan keyin ham kelmagan shaxsning arizasi rad etiladi, biroq u qayta murojaat qilish huquqini saqlab qoladi.
Reabilitatsiya uchun tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatiga yurak-qon tomir, nafas olish, bo‘g‘im va asab tizimi kasalliklari, insult va jarohatlardan keyingi holatlar, amputatsiyalar hamda boshqa tashxislar kiritilgan. Har bir kasallik bo‘yicha alohida tibbiy mezonlar belgilangan.
Elektron yo‘llanma berilgach, fuqaro avtomatik navbatga qo‘yiladi. Navbat markazlardagi bo‘sh joylar va qabul qilish imkoniyatlari asosida shakllanadi. Arizaning ko‘rib chiqilish jarayoni va navbatdagi o‘rinni real vaqt rejimida kuzatish mumkin.
Navbat kelganda fuqaroga belgilangan sanadan o‘n kun oldin xabar beriladi. Agar u ko‘rsatilgan kunda reabilitatsiya markaziga bormasa, navbatning oxiriga o‘tkaziladi. Bo‘shagan o‘rin esa navbatdagi boshqa murojaatchiga beriladi.
Fuqaro ikkinchi marta ham markazga kelmasa yoki yo‘llanmadan foydalanishni rad etsa, yo‘llanma bekor qilinadi. Bunday holatda ham keyinchalik yana ariza topshirish mumkin.
Reabilitatsiya markaziga qabul qilinishda ambulator tibbiy kartadan ko‘chirma hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi. Hujjatning asl nusxasi o‘rniga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi elektron shaklidan ham foydalanish mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, ambulator reabilitatsiya bir oy davomida, statsionar reabilitatsiya esa 12 kungacha ko‘rsatiladi. Xizmatlarning aniq hajmi va davomiyligi bemorning sog‘lig‘i, kasallik darajasi hamda individual ehtiyojlariga qarab belgilanadi.
Agar reabilitatsiya kursidan keyin ham ambulator muolajalarni davom ettirish zarur bo‘lsa, markaz fuqaroning roziligi bilan uni yangi arizasiz elektron navbatga kiritishi mumkin.
Yo‘llanma berish faqat belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda rad etiladi. Jumladan, so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatilgani, tibbiy ko‘rsatmalar yo‘qligi, qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi, takroriy tibbiy ko‘rikka kelinmagani yoki belgilangan murojaat davriyligi oshirilgani rad etish uchun asos hisoblanadi.
Boshqa sabablarga ko‘ra rad etish taqiqlangan. Salbiy qaror qabul qilinganda fuqaro uning sababi va shikoyat qilish tartibi haqida xabardor qilinishi shart.
Hujjatda elektron navbatning shaffof yuritilishi, ma’lumotlarning o‘z vaqtida yangilanishi va reabilitatsiya xizmatlariga yo‘naltirish jarayoni uchun mas’ul shaxslarning javobgarligi ham belgilangan.



