Kongoda Ebola epidemiyasi oqibatida vafot etganlar soni 5 387 nafarga yetdi. Mamlakatda virus yuqtirganlar 11 mingdan oshgan. Bu Kongo Demokratik Respublikasi tarixida qayd etilgan eng yirik va eng ko‘p qurbonlarga sabab bo‘lgan Ebola epidemiyasi hisoblanadi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining 11-noyabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, jami 11 042 kishida kasallik aniqlangan. Ulardan qariyb yarmi hayotdan ko‘z yumgan. Infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ayrim hududlarda yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.
Kongoda Ebola epidemiyasi 2026-yil may oyining o‘rtalarida rasman e’lon qilingan. O‘tgan vaqt davomida virus mamlakatning 26 ta provinsiyasidan sakkiztasiga tarqaldi. Vaziyat, ayniqsa, mamlakat sharqida og‘irligicha qolmoqda.
Eng ko‘p kasallanish holatlari Ituri provinsiyasida aniqlangan. Mamlakatdagi barcha bemorlarning qariyb 70 foizi ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi. Shimoliy Kivu provinsiyasida esa so‘nggi haftalarda yangi yuqish holatlari ko‘paymoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Rojer Kambaning bildirishicha, mazkur hudud virus tarqalishining asosiy o‘choqlaridan biriga aylangan.
Epidemiyaga qarshi kurashga qurolli to‘qnashuvlar, tibbiyot tizimidagi muammolar va yo‘llarning yomon ahvoli jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Ayrim aholi punktlariga tez tibbiy yordam yetkazish qiyinlashgan. Ba’zi joylarda esa fuqarolarning tibbiyot xodimlariga ishonchsizligi kasallikni aniqlash va bemorlarni davolash jarayonini murakkablashtirmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda Kantine-Aloya aholi punktiga qilingan hujumda 66 nafar tinch aholi vakili, jumladan, uch nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan. Uchta tibbiyot muassasasi talon-toroj qilinib, yoqib yuborilgan.
Ushbu voqeadan so‘ng virus yuqtirganlar bilan muloqotda bo‘lgan mingdan ortiq odam tibbiy kuzatuvdan chetda qolgan. Mutaxassislar bunday holatlar yangi kasallanishlarni o‘z vaqtida aniqlashga xalaqit berayotganini ta’kidlamoqda.
Hozirgi epidemiyaga Ebola virusining Bundibugyo turi sabab bo‘lmoqda. Ushbu virusga qarshi maxsus tasdiqlangan vaksina va dori vositasi hozircha mavjud emas. Shu bilan birga, Kongoda eksperimental vaksinalarning klinik sinovlari olib borilmoqda. Bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish ularning sog‘ayish imkoniyatini oshirishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ayrim hududlarda virus tarqalishi sekinlashayotganini qayd etgan. Qariyb uch ming bemor sog‘aygan. Biroq boshqa hududlarda yangi o‘choqlar paydo bo‘layotgani sababli epidemiya ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgani yo‘q.
Kasallanish holatlari Kongo tashqarisida, jumladan, Uganda, Keniya va Nigeriyada ham aniqlangan. Mintaqa davlatlarida epidemiologik nazorat kuchaytirilgan. 11-noyabr kuni Keniyada oxirgi bemor shifoxonadan chiqarilib, mamlakatni Ebola epidemiyasidan xoli deb e’lon qilish uchun zarur bo‘lgan 42 kunlik kuzatuv davri boshlangan.
JSST Kongodagi vaziyatni xalqaro ahamiyatga ega favqulodda sog‘liqni saqlash holati sifatida baholamoqda. Tashkilot qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan hududlarda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta’minlash va bemorlarga to‘siqsiz yordam ko‘rsatish zarurligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Ebola virusi ilk bor 1976-yilda aniqlangan. Kasallik tarixidagi eng yirik epidemiya 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada kuzatilgan. O‘shanda 28 mingdan ortiq kishi virus yuqtirgan, 11 mingdan ziyod bemor vafot etgan. Epidemiya asosan Gvineya, Liberiya va Syerra-Leoneda keng tarqalgan.
Kongo Demokratik Respublikasida davom etayotgan hozirgi epidemiya esa kasallanganlar va qurbonlar soni bo‘yicha dunyo tarixidagi ikkinchi eng yirik Ebola epidemiyasiga aylandi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan keyingi bir xil davr taqqoslanganda, Kongodagi kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari G‘arbiy Afrikadagi epidemiyaga nisbatan kamida uch baravar yuqori bo‘lgan.



