AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden yangi memuarida Donald Tramp bir vaqtlar siyosiy raqobat bo‘lmaganida ular do‘st bo‘lishi mumkinligini aytganini oshkor qildi. “Promise Me, America” (“Menga va’da ber, Amerika”) nomli kitobda Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu haqidagi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashgan. Shuningdek, Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish qarorini izohlab, 2024-yilgi prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq voqealarni eslagan. Bayden memuarida keltirilgan eng muhim tafsilotlarni Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi e’lon qildi.
Kitobda AQSHning sobiq rahbari prezidentlik davridagi to‘rt yilga nazar tashlaydi. U COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash, Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi mojarolar, Demokratik partiya ichidagi munosabatlar va siyosiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan muhim qarorlar haqida hikoya qiladi.
Bayden memuaridagi eng kutilmagan voqealardan biri 2024-yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin Donald Tramp bilan Oq uyning Oval kabinetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdir. Sobiq prezidentning yozishicha, uning ko‘p yillik siyosiy raqibi kutilmaganda juda samimiy suhbat boshlagan. Tramp siyosat bo‘lmaganida ular yaqin do‘stga aylanishi va birgalikda golf o‘ynab vaqt o‘tkazishi mumkinligini aytgan.
Bayden bu gaplardan hayratda qolganini yozadi. U 2021-yil yanvar oyida prezidentlik lavozimini egallaganidan so‘ng Oval kabinetda Tramp qoldirgan samimiy maktubni topganini ham eslagan. Bu holat respublikachi siyosatchining omma oldidagi keskin bayonotlari va 6-yanvar kuni uning tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirgan voqealardan keskin farq qilgan. Bayden kitobida o‘zidan avvalgi prezidentni 2020-yilgi saylov natijalarining tasdiqlanishiga to‘sqinlik qilishga urinishlar uchun javobgar deb hisoblaydi.
Bayden xotiralarida Afg‘oniston masalasiga ham alohida o‘rin ajratilgan. U 2021-yilda Amerika qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqish og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganini tan oladi. Biroq sobiq prezident harbiy operatsiyani yakunlash qarori to‘g‘ri bo‘lganiga hamon ishonishini bildiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH rahbariyati Amerika harbiylari chiqib ketganidan keyin Afg‘oniston hukumati Kobul ustidan yana bir necha oy nazoratni saqlab qolishiga umid qilgan.
Ammo amalda Afg‘oniston hukumati kutilganidan ancha tez qulagan. Bayden o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Lloyd Ostin va general Mark Milli qo‘shinlarni olib chiqishning ehtimoliy oqibatlari haqida uni ogohlantirganini eslaydi. Shunga qaramay, Kobul qisqa vaqt ichida qulaganidan keyin ham u urushni tugatish zarurligi haqidagi fikridan qaytmagan.
Kitobda Baydenning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralardan olgan shaxsiy taassurotlari ham keltirilgan. U Rossiya rahbarini suhbat davomida ba’zan asabiy ohangda gapiradigan inson sifatida tasvirlaydi. Baydenning yozishicha, Putin ayrim uchrashuvlarda ataylab erkin holatda yastanib o‘tirgan va shu orqali go‘yoki suhbatga befarq ekanini ko‘rsatishga uringan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy haqida gapirar ekan, Bayden uning aktyorlik faoliyati urush sharoitida yetakchi sifatida shakllanishiga yordam berganini qayd etadi. Shu bilan birga, Oq uyning sobiq rahbari shaxsiy suhbatlarda Zelenskiy ba’zan o‘jarlik qilgani va Amerika yordamiga nisbatan Vashington kutgan darajada minnatdorlik bildirmaganini ta’kidlaydi.
Baydenning xotirlashicha, Tramp jamoasi vakillari respublikachi siyosatchi Oq uyga qaytishidan oldin Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga ruxsat beruvchi maktubni imzolashni undan so‘ragan. Biroq sobiq prezident bu taklifni rad etgan. U Ukraina manfaatlariga zid kelishi va amalda taslim bo‘lishni anglatishi mumkin bo‘lgan kelishuvlarga erishish uchun Tramp jamoasiga cheklanmagan vakolat berishni istamaganini bildiradi.
Bayden memuarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan ayniqsa keskin fikrlar bildirilgan. Sobiq prezident Isroil siyosatchisiga unchalik ishonmaganini tan oladi. Uning fikricha, Netanyaxu ayrim vaziyatlarda mamlakat manfaatlaridan ko‘ra o‘z siyosiy hokimiyatini saqlab qolishni ustun qo‘yishi mumkin edi. Bayden Isroil bosh vazirining xatti-harakatlarida Donald Trampni eslatadigan jihatlarni ham ko‘rganini yozadi.
Shu bilan birga, sobiq prezident 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujumdan keyin Isroilni qo‘llab-quvvatlaganidan afsuslanmasligini ta’kidlaydi. Ayni paytda u G‘azo sektoridagi tinch aholi boshidan kechirgan azob-uqubatlar ko‘lamini ham tan oladi. Bayden HAMASga aloqasi bo‘lmagan ko‘plab falastinliklarning halok bo‘lishi uning uchun hanuz og‘ir xotira bo‘lib qolayotganini yozadi.
Kitobning yana bir muhim qismi 2024-yilgi AQSH prezidentlik saylovlariga bag‘ishlangan. Baydenning ta’kidlashicha, 2023-yil bahorida u eng yaqin maslahatchilari bilan ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yish masalasini muhokama qilgan. O‘shanda hech kim bunga qarshi chiqmagan. Shu sababli u yoshi va mamlakat rahbari sifatida faoliyatini davom ettirish imkoniyatlari yuzasidan savollar ko‘payayotganiga qaramay, saylovda yana ishtirok etishga qaror qilgan.
AQSHning sobiq rahbari yoshi sababli prezidentlik vazifalarini bajara olmay qolganini aytgan tanqidchilarning fikriga qo‘shilmaydi. Uning hisoblashicha, ko‘p yillik siyosiy tajribasi nutqi, xotirasi va jismoniy faolligida o‘zi sezgan o‘zgarishlarning o‘rnini qoplashga imkon bergan. Bayden, shuningdek, demokratlar orasida Donald Trampga qarshi kurashda undan kuchliroq nomzod bo‘lmagan deb hisoblagan.
Biroq 2024-yil yozidagi muvaffaqiyatsiz teledebatlardan keyin Demokratik partiya ichida Baydenga nisbatan bosim kuchaygan. Natijada u iyul oyida prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan voz kechgan. Keyinchalik partiya nomzodiga aylangan Kamala Harris saylovda Donald Trampga mag‘lub bo‘lgan. Bayden memuarida dastlab nima sababdan qayta saylanishga qaror qilganini va uni saylov poygasidan chiqishga undagan partiya yetakchilari bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni tushuntiradi.
“Promise Me, America” kitobi AQSH Kongressiga 2026-yil noyabr oyida o‘tkazilgan oraliq saylovlardan keyin nashr etilmoqda.




