AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi Jahon chempionatiga kelgan chet ellik muxlislarning mamlakatda noqonuniy qolishi qat’iy jazolanishini ma’lum qildi. Viza rejimini buzganlarga jinoiy ish ochiladi.
Vazirlik vakilining ochiqlashicha, mamlakatga qonuniy asoslar va viza bilan kelgan xorijlik mehmonlarning xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘q. Immigratsiya idoralari faqat AQSHda bo‘lish muddatini oshirib yuborib, noqonuniy maqomga o‘tgan shaxslarga nisbatan chora ko‘radi.
Ichki xavfsizlik vazirligi barcha xorijlik muxlislarni kelgusida vizaga oid muammolarga duch kelmasliklari uchun ehtiyotkor bo‘lishga hamda hujjatlarni rasmiylashtirishni oldindan rejalashtirishga chaqirdi. Idora asosiy maqsad har bir ishqiboz uchun turnirni to‘liq xavfsiz va unutilmas tarzda tashkil etish ekanini bildirdi.
Biroq AQSH qonunchiligini aylanib o‘tishga urinish qimmatga tushishi mumkin. Nyu-Yorkdagi “Manifest” advokatlik byurosining immigratsiya masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Genri Lindperening ta’kidlashicha, AQSHda viza rejimini buzganlik va qonuniy muddatdan ortiq qolib ketganlik uchun chet el fuqarolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari, mamlakatda bunday immigratsiya ishlarini yuritish uchun advokatlik xarajatlari o‘n minglab dollarni tashkil etishi mumkin.
Futbol bo‘yicha JCH—2026 musobaqasi 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. AQSH hududidagi o‘yinlarga 11 ta shahar mezbonlik qilmoqda.
Turnirning guruh bosqichida hamyurtlarimiz joy olgan K guruhidagi o‘yinlar ham qizg‘in pallada o‘tdi. Xususan, 18-iyun kuni Mexiko shahridagi “Ateka” stadionida O‘zbekiston va Kolumbiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda kolumbiyaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Guruhdagi navbatdagi 2-tur uchrashuvida 23-iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushgan bo‘lsa, 24-iyunda Kongo DR va Kolumbiya o‘zaro kuch sinashdi. Hal qiluvchi 3-tur bahslari esa kecha, 28-iyun kuni yakunlandi — unda Portugaliya Kolumbiya bilan, Kongo DR esa O‘zbekiston terma jamoasi bilan pley-off yo‘llanmasi uchun bahs olib bordi.