Prezident Shavkat Mirziyoyev telekommunikatsiya sohasidagi yangi tashabbuslarni ma’qulladi. Endilikda barcha yangi ko‘p qavatli uylar qurilish bosqichidayoq internet bilan ta’minlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishib, ko‘p qavatli turar joy binolarini loyihalash va qurishda optik tolali aloqa tarmoqlarini majburiy ravishda tortish tashabbusini ma’qulladi. Yangi qoidaga ko‘ra, yuqori tezlikdagi internet infratuzilmasi bino poydevori tiklanayotgan vaqtdayoq hisobga olinishi shart, bu esa yangi xonadon sohiblariga ko‘chib o‘tgan ilk kunlaridanoq raqamli xizmatlardan muammosiz foydalanish imkonini beradi.
So‘nggi yillarda yurtimizda aholi punktlarini aloqa bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetgan bo‘lsa-da, chekka hududlarda simli internet ulushi hali ham pastligicha qolmoqda. Shu sababli sohada tadbirkorlik muhitini yaxshilash uchun aloqa tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha amaldagi ikki turdagi litsenziya bittaga birlashtirilib, uni berish muddati 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartiriladi. Shuningdek, telekom sohasida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 2 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yil muddatga 15 foizlik stavkada 530 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Olis hududlarda ishlaydigan provayderlar uchun esa maxsus imtiyozli tariflar ishlab chiqiladi.