Toshkentda o‘tgan 38-Xalqaro informatika olimpiadasida (IOI) O‘zbekiston terma jamoasining barcha 4 nafar a’zosi medalga sazovor bo‘ldi. Telegram asoschisi Pavel Durov sovrindorlarni tabrikladi.
Toshkent shahri 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI) mezbonlik qildi. Nufuzli bilimlar bellashuvida O‘zbekiston terma jamoasining barcha to‘rt nafar a’zosi medallarni qo‘lga kiritib, yuqori natija ko‘rsatdi. Terma jamoa tarkibida Jahonali Haydaraliyev kumush medalni, Timur Qadirbergenov, Ulug‘bek Rahmatullayev hamda Jahongirshoh Avazxonov esa bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu muvaffaqiyatni mamlakatda raqamli ta’limni rivojlantirish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi bilan bog‘ladi.
Pavel Durovning qutlovi va turnir g‘olibi
Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zbekistonlik yoshlarning munosib ishtirokini e’tirof etib, sovrindorlarga 180 dan ortiq «Algorithm Cups» raqamli sovg‘alarini taqdim etishni va’da qildi.
Xalqaro nufuzga ega ushbu olimpiadada xitoylik Qiven Syuy 498,3 ball to‘plagan holda turnirning absolyut g‘olibiga aylandi. Kelasi yili ushbu yirik musobaqa Germaniyada o‘tkaziladi.
O‘quvchilarning ushbu muvaffaqiyati mamlakatimizda IT-sohaning jadal kengayishi davriga to‘g‘ri keldi. Hozirda respublikada 24 million dollarlik yangi hisoblash quvvatlari ishga tushirilgan bo‘lib, yana 70 million dollarlik investitsiyalar tayyorlanmoqda hamda Qoraqalpog‘istonda zamonaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (data-markaz) barpo etilmoqda.