Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan pensionerlar ulushi 2010-yildagi 6 foizdan 2025-yilda 61 foizga oshgan. Ayni paytda pensionerlarning 47 foizi 820 mingdan 1 mln so‘mgacha pensiya oladi.
O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati mamlakatda so‘nggi yillarda to‘liq bo‘lmagan mehnat staji bilan pensiyaga chiqayotgan fuqarolar ulushi keskin oshganini ma’lum qildi.
Agar 2010-yilda ilk bor pensiyaga chiqqanlarning atigi 6 foizi yetarlicha stajga ega bo‘lmagan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 61 foizga yetdi. Jami pensionerlar tarkibida to‘liq stajga ega bo‘lmaganlar ulushi ham 3 foizdan 39 foizga oshgan. Jamg‘armaning ta’kidlashicha, stajning yetarsizligi bevosita pensiya to‘lovlari miqdorida aks etmoqda — ayni vaqtda mamlakatdagi pensionerlarning 47 foizi 820 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlarni olmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, to‘liq yoshga doir pensiya olish uchun erkaklar 60 yoshga to‘lgan va kamida 25 yil, ayollar esa 55 yoshga to‘lgan va kamida 20 yil mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim.
Kamida 7 yillik staj bo‘lganda to‘liq bo‘lmagan pensiya tayinlanadi, staj 7 yildan kam bo‘lsa, fuqarolarga yoshga doir nafaqa ajratiladi. Pensiya jamg‘armasi rasmiy stajning qisqarib ketishiga asosiy sabablar sifatida yashirin bandlik, maoshni «konvertda» olish, ijtimoiy soliq to‘lamaslik hamda arxivlarda mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning saqlanib qolmaganini ko‘rsatib o‘tdi.