Qirg‘izistonda shifokorlar oyoq qismida tug‘ma o‘sma bilan dunyoga kelgan 8 kunlik chaqaloqda murakkab operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Amaliyot neonatal va bolalar jarrohlari tomonidan amalga oshirildi.
Qirg‘izistondagi Milliy analik va bolalikni muhofaza qilish markazida o‘ta murakkab va nozik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shifokorlar oyoq qismida olmadek keladigan tug‘ma o‘sma bilan dunyoga kelgan atigi 8 kunlik chaqaloqni muvaffaqiyatli operatsiya qildi. Bu haqda Akipress xabar bermoqda.
Tibbiy amaliyot haqida markazning Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘limi mudiri Sulton Stambekov ma’lum qildi. Shifokorning ta’kidlashicha, ayrim o‘smalar tug‘ma xarakterga ega bo‘lib, ularni homiladorlik davridayoq yoki chaqaloq hayotining ilk kunlaridayoq aniqlash mumkin. Bunday holatlar, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda o‘ta tezkor, aniq va professional tibbiy aralashuvni talab etadi.
Inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan ushbu operatsiya bolalar va neonatal jarrohlar hamkorligida amalga oshirildi. Mutassislar chaqaloqning juda kichik yoshi hamda jarrohlik va anesteziya bilan bog‘liq asoratlar xavfi yuqori ekanligini inobatga olgan holda amaliyotni alohida ehtiyotkorlik bilan olib bordi.
Sulton Stambekov zamonaviy bolalar onkologiyasi faqat kimyoterapiya bilan cheklanib qolmasdan, balki yuqori texnologik jarrohlik, intensiv terapiya, anesteziologiya, neonatologiya va aniq diagnostikani ham o‘z ichiga olishini ta’kidlab o‘tdi. «Atigi 8 kunlik — va bu allaqachon hayot uchun katta kurash», — deya ta’sirlanib yozadi shifokor.