Migratsiya agentligi Slovakiyada kara haydovchisi sifatida ishlashni istagan O‘zbekiston fuqarolari uchun ro‘yxatdan o‘tishni boshladi. Oylik maosh 1 ming yevroni tashkil etadi va turar joy ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Migratsiya agentligi Slovakiyada kara (pogruzchik) haydovchisi yo‘nalishi bo‘yicha ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun arizalar qabuli boshlanganini e’lon qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha doirasida jami 70 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga haftasiga 5 kunlik va kuniga 8 soatlik ish rejimi bilan oyiga 1 ming yevro (sof qo‘lga tegadigan) ish haqi to‘lanadi.
Nomzodlarga qo‘yilgan asosiy talablar:
-
20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar;
-
«B» toifali haydovchilik guvohnomasi;
-
Kara haydash bo‘yicha kamida 6 oylik ish tajribasi;
-
Rus tilini muloqot darajasida bilish.
Ish beruvchi tomonidan bepul turar joy va tibbiy sug‘urta ta’minlanadi. Ishchi vizasi hamda aviachipta xarajatlari dastlab fuqaroning o‘z hisobidan amalga oshiriladi, biroq nomzod ishga joylashgach, ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Arizalar soni 300 nafarga yetgach, ro‘yxatdan o‘tish to‘xtatiladi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202 33 55 (ichki raqamlar: 556, 906) telefon raqami orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migratsiya agentligi Italiyaning qurilish sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlariga ham fuqarolarni taklif etgan edi.