Energetika vazirligi aholiga gaz ta’minoti yildan-yilga qisqarib borishini ma’lum qildi. Vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminov fuqarolarni elektr energiyasiga o‘tishga chaqirdi.
Oliy Majlisdagi muhokamalar chog‘ida deputat Shokirjon Ahmedov Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminovga yuzlanib, bo‘lajak kuz-qish mavsumida Farg‘ona vodiysida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kelib chiqish-chiqmasligini so‘radi.
Vazir o‘rinbosari berilgan savolga aniq javob berishdan qochib, davlat bosqichma-bosqich elektrlashtirish siyosatini olib borayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, fuqarolar gaz ta’minoti ko‘paymasligini va yildan-yilga qisqarib borishini to‘g‘ri tushunishlari lozim, shu sababli isitish va ovqat tayyorlash tizimlarini asta-sekin elektr energiyasiga o‘tkazish talab etiladi.
Ushbu bayonot mamlakatda gaz, neft va ko‘mir qazib olish hajmi mutassil kamayib borayotgan vaqtda yangradi. Avvalroq «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov yangi turar joylarni gaz tarmog‘iga ulamay qurishni taklif qilgan bo‘lsa, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda gaz tanqisligi borligini oshkora tan olgan edi. Biroq, 2025-yil oxirida elektr plitalaridan foydalanuvchilar uchun va’da qilingan arzonlashtirilgan tariflar amaliyotga joriy etilmadi.