LRO zondi Oyda kengligi 222 metr bo‘lgan yangi kraterni qayd etdi. 2024-yildagi kuchli meteorit zarbasi zamonaviy kuzatuvlar tarixidagi eng yirik o‘ra hosil qildi.
AQSH Milliy aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) Oynining yerga qaragan tomonida o‘lchamlari Rim Kolizeyidan ham katta bo‘lgan yangi zarba krateri topilganini e’lon qildi. Eni taxminan 222 metr (728 fut) va chuqurligi 43 metrgacha yetadigan ushbu o‘ra 2024-yilning 11-aprelidan 22-mayiga qadar bo‘lgan oraliqda 3–6 qavatli bino kattaligidagi asteroid yoki kometa parchasi kelib urilishi natijasida hosil bo‘lgan. Bu zamonaviy kuzatuvlar tarixida Quyosh tizimida qayd etilgan eng yirik yangi krater bo‘lib, bunday miqyosdagi toqnashuvlar taxminan har 132 yilda bir marta sodir bo‘ladi.
Zarba berilgan lahza Yer va kosmosdagi teleskoplar e’tiboridan chetda qolgan. Ob’yektni Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) avtomatik stansiyasi tasvirga olgan, biroq ma’lumotlar ko‘pligi sababli olimlar kraterni faqat 2025-yilning avgustida aniqlashdi, kashfiyot esa 2026-yil boshida rasman tasdiqlandi. Kraterga Xyustondagi Oy va planetologiya instituti sobiq direktori Tomas Makgetchin nomi berildi. Ushbu ob’yekt LRO tomonidan bundan o‘n yil avval topilgan avvalgi rekordchi kraterdan uch barobar kattadir.
Toqnashuv oqibatida Oy changi va tuprog‘i 106 kilometrdan (66 mil) ortiq masofaga otilib ketgan, moddalar kutilganidan ham yuqoriroq burchak ostida hayoga ko‘tarilgan. Krater atrofida 6,4 kilometrlik yumshatilgan ustki qatlam (regolit) zonasi hosil bo‘ldi. Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqot ma’lumotlari NASA muhandislariga kelajakdagi Oy bazasini loyihalashda purkalanadigan jinslar xavfini hisobga olish va inshootlar himoyasini kuchaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, LRO kuzatuvlari Oy tuprog‘ining yuqori qatlami har 80 ming yilda to‘liq yangilanib turishini ko‘rsatdi, bu esa «Apollon» astronavtlarining izlari vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketishini anglatadi.