Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish loyihasini taqdim etdi. O‘zgarishlar 2028-yildan boshlanib, 11 yil davom etadi.
2028-yildan boshlanadigan bosqichma-bosqich o‘sish va muddatidan oldin pensiyaga chiqishning bekor qilinishi
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi mamlakat pensiya tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatga ko‘ra, fuqarolarning pensiyaga chiqish yoshini erkaklar uchun amaldagi 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshga oshirish taklif etilmoqda.
Islohotning dastlabki bosqichi sifatida 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran belgilangan muddatdan bir yil oldin pensiyaga chiqish imkonini beruvchi amaldagi norma bekor qilinadi.
Pensiya yoshini oshirishning asosiy jarayoni esa 2028-yil 1-yanvardan start oladi: yosh chegarasi har yili uch oyga surilib boradi. Natijada kutilayotgan marra ko‘rsatkichlariga (erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh) 2039-yilga kelib erishiladi. Vazirlik ushbu qarorni mamlakatda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi uzaygani va Pensiya jamg‘armasi barqarorligini ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda.
Ishdan bo‘shatishga taqiq, imtiyozli toifalar va jamg‘arib boriladigan pensiya
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va moslashish jarayonini yengillashtirish maqsadida loyihada bir qator kafolatlar nazarda tutilgan:
-
Mehnat huquqlari himoyasi: ish beruvchilarga pensiya yoshi yaqinlashib qolgan xodimlarni shu sabab bilan ishdan bo‘shatish yoki ishga olishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
-
Ihsizlar uchun imtiyoz: rasman ishsiz maqomini olgan fuqarolar yangi belgilangan muddatdan ikki yil oldin pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladi.
-
Zararli mehnat sharoiti: og‘ir va zararli ishlarda band bo‘lganlar uchun imtiyozli pensiya me’yorlari (erkaklar uchun 50–55 yosh, ayollar uchun 45–50 yosh) o‘zgarishsiz qoldiriladi.
-
Jamg‘arib boriladigan pensiya: Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan (YXMTP) mablag‘larni olish tartibi avvalgi tartibda — erkaklar uchun 60 yoshdan, ayollar uchun 55 yoshdan saqlanib qoladi.
Shuningdek, pensiya yoshidagi shaxslar uchun mo‘ljallangan barcha tibbiy, transport va soliq imtiyozlari to‘liq kuchida qoladi. Hujjatning jamoatchilik muhokamasi SOVAZ portalida 2026-yil 30-sentyabr kuni yakunlanadi.



