Rossiya TIV Tashkentda bloger Aziz Xakimovga o‘qilgan hukmga munosabat bildirdi: Moskva mahkumni ikki mamlakat aloqalarini qo‘llagan shaxs deb atadi hamda Nikita Makarenkoning harakatlariga huquqiy baho berishni so‘radi.
Rossiya TIV bayonoti va diplomatik e’tirozlar
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Toshkent shahrining Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Telegram’dagi Comrade Aziz kanali muallifi, 1975-yilda tug‘ilgan Aziz Xakimovga hukm o‘qilgach, maxsus bayonot bilan chiqdi.
Rossiya diplomatik mahkamasi mahkumni ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va mushtarak tarixiy xotirani saqlash uchun izchil kurashgan shaxs sifatida baholadi. Iyul oyida ham Rossiya TIV u bo‘yicha «adolatli va insonparvar qaror» qabul qilinishiga umid bildirgan edi.
Rossiya TIV o‘z bayonotida asosiy e’tirozni ish bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida qatnashgan bloger Nikita Makarenkoga qaratdi. Zaxarova uni «rossiyaga qarshi soxta xabarlar tarqatish» va millatlararo adovatni qo‘zg‘atishda ayblab, bunday harakatlar tashqi homiylar ko‘rsatmasi bilan ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikka putur yetkazishga qaratilganini ta’kidladi. Rossiya tarafidan ushbu iddaolarga aniq dalillar keltirilmagan bo‘lsa-da, Moskva O‘zbekiston rasmiylarini Makarenkoning faoliyatiga xolis huquqiy baho berishga chaqirdi.
Sud qarori va ishning huquqiy tafsilotlari
Sud qaroriga ko‘ra, yopiq majlisda o‘tgan jarayon yakunida Xakimov Jinoyat kodeksining tuhmat (139-modda 2-qismi), haqorat qilish (140-modda 2-qismi) hamda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish (156-modda 2-qismi) moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 4 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi (jazoni o‘tash muddati 2025-yil 26-sentyabrdan hisoblanadi). Shu bilan birga, sud uni urushni targ‘ib qilish (150-modda) ayblovi bo‘yicha oqladi va Comrade_Aziz Telegram-kanalini bloklash haqida ajrim chiqardi.
Ish bo‘yicha O‘zJOKU rektori Sherzod Qudratxo‘ja, sobiq deputat Rasul Kusherbayev hamda Nikita Makarenko kirgan 6 nafar shaxs jabrlanuvchi deb topilgan. Ularga fuqarolik sudi orqali moddiy va ma’naviy zararni undirish huquqi tushuntirilgan. Hukm qonuniy kuchga kirmagan va apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.